Ankalife EKU va Ayollar Salomatlik Markazi 2019 yili Turkiyalik shifokor, akusher-ginekolog ,tibbiyot fanlari doktori Jihangir Chakici tashabbusi va muassisligida tashkil etildi.

Aloqada Qoling

Shopping cart

IKKILAMCHI  BEPUSHTLIK

IKKILAMCHI  BEPUSHTLIK

Bepushtlik (ing. Infertility) – voyaga  yetgan  organizmning  nasl (avlod)  qoldirishga  ojizligi.  Bir  yil  davomida  normal  jinsiy  hayot  kechirayotgan juftliklar  va homiladorlikdan  saqlanish  vositalari  (kontraseptiv  vositalar)  dan  foydalanmay  turib,  homiladorlik  kuzatilmaganda  bepushtlik  hisoblanadi.  Bugungi kunda, homiladorlikni rejalashtirayotgan oilalarning 15% dan ortig’i bepushtlik muammosiga duch kelmoqda va bu raqam tinimsiz yilma-yil  oshib bormoqda. Bunga  olib  keluvchi sabablari ko’p, jumladan,  jinsiy hamkorlarni tez-tez almashtirish, yoshi  kattalarda  turmush  qurish, jinsiy yo’l  orqali  yuqadigan infeksiyalar va yallig’lanish kasalliklarining keng tarqalishi,  ekologik holatning  yomonlashuvi,  ijtimoiy-iqtisodiy sabablar va homiladorlikni katta  yoshda rejalashtirish.  Shuningdek,  ayollardagi patologik o’zgarishlar – gormonal balansning  buzilishi, jinsiy organlarning  tug’ma  va  orttirilgan  nuqsonlari,  bachadon  naylarining  o’tkazuvchanligining buzilishi va boshqalar.  Kelib  chiqishiga  ko’ra  bepushtlik 2 turga bo’linadi:

  • Birlamchi – bemorning  umri  davomida  hech  homiladorlik  kuzatilmagan;
  • Ikkilamchi – bemorda  homiladorlik  kuzatilgan  bo’lib,  ammo  takror  homilador bo’la olmaydi.

Juftlikda bir marta homiladorlik bo’lgan bo’lsa  ham, natijasi (tug’ilish, abort, tushish, homiladan tashqari homiladorlik)  qanday bo’lishidan qat’iy nazar  ikkilamchi  bepushlik  hisoblanadi.   

Ikkilamchi bepushtlik sabablar

Ayol  kishining yoshi ulg‘aygan sari homilador bo‘lish imkoniyatlari (fertillik) kamayib boradi. Taxminan 35 yoshdan keyin har to‘rtinchi ayolning  birida bepushtlik kuzatiladi. 18-30 yoshlar oralig‘ida farzand ko‘rish ehtimoli yuqori hisoblanadi. Yillar o‘tishi bilan ayol organizmidagi tuxum hujayralari  ham  soni  jihatdan,  ham  sifati  jihatdan  salbiy  o’zgarishlarga  uchraydi.  O’z navbatida bu homiladorlikning yaxshi kechishi va sog‘lom bolani dunyoga keltirishga to‘sqinlik qilishi mumkin.  Ikkilamchi bepushtlikning sababi to‘g‘ri aniqlansa, uni davolash ham oson kechadi.

Homilador bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar:

  • Endometrioz;
  • tuxumdonlar, bachadon naylari, bachadon bo‘yni va qindagi yallig‘lanishlar;
  • hayz vaqtidan tashqari bachadondan qonli ajralmalar kuzatilsa;
  • bachadon miomasi;
  • tuxumdon polikistozi;
  • gormonal fonning o‘zgarishi.

Shuningdek, abort qildirgan ayollarda bachadon endometriysi zararlanishi tufayli  urug‘langan tuxum hujayra bachadon devoriga birikolmay qoladi. Bu holat ikkilamchi bepushtlikning eng og‘ir holatlaridan biri sanaladi. Abort malakali shifokor tomonidan o‘tkazilgan taqdirda ham bir qancha noxushliklarga sabab bo‘lishini unutmaslik lozim.

Jinsiy a’zolardagi jarohatlar ham ikkilamchi bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin:

  • jarrohlik amaliyotidan keyingi jarohatlar;
  • yara izi, chandiqlar;
  • poliplar;
  • to‘qimalarning birikib ketgan joylari (spayka);
  • chot orasidagi jarohatlar
  • bachadonda  o’tkazilgan  turli  amaliyotlar

Bu kabi jarohatlarni davolab, muammoni ijobiy hal etish ehtimoli yuqori.

Nosog’lom  turmush tarzi ham homiladorlikka to‘sqinlik qiladi:

  • oziq-ovqat, turli xil dorilardan zaharlanish;
  • surunkali  charchoq, o’ta  ozg‘inlik yoki haddan ortiq semizlik;
  • sifatsiz taomlarni tanovul qilish
  • kamharakatlilik
  • zararli  odatlar  (sigaret,  nos,  alkogol)
  • stress  omillar

Biologik nomutanosiblik ikkilamchi bepushtlikning yana bir sababi sanaladi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, ikkinchi marta turmush qurgan ayollarda ham ikkilamchi bepushtlik kuzatiladi. Negaki, birinchi turmushidan farzand ko‘rgan bo‘ladi. Bunday holatda, albatta, turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda shifokor ko‘rigidan o‘tish hamda davolanish tavsiya etiladi.

Ikkilamchi bepushtlik davolash choralari

  • Homiladorlik yuzaga kelishiga yordam beruvchi dori-darmonlar;
  • Laparoskopik jarrohlik bilan fibrozli o‘simtalar olib tashlanadi, bachadon naylari ochiladi.
  • Endokrin tizimdagi xastaliklar tufayli yuzaga kelgan ikkilamchi bepushtlik  ko’p  holatlarda qalqonsimon  bez  kasalliklari  tufayli  yuzaga  keladi.   Bu  holatda qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilash bilan bepushtlik  sababini bartaraf  etish  mumkin. 
  • Ba’zi  holatlar  (kesar  kesish  amaliyoti,  uzoq  vaqt  davomida  BIV (bachadon  ichi  vositasi)  ni  qo’llash,  o’tkir  infeksion  virusli  kasalliklar natijasida,  o’tkazilgan  abortlar  va boshqalar)  da  bachadon  naylarining  o’tkazuvchanligi  buzilishi  ikkilamchi  bepushlik  yuzaga  keltiradi.  Bunday  holatlarda  faqatgina  sun’iy  urug’lantirish (EKU)  tavsiya  etiladi. 
  • Har bir holatga shifokor tomonidan alohida yondoshuv talab etiladi. Ginekologik kasalliklar natijasida yuzaga kelgan ikkilamchi bepushtlik maxsus terapiya bilan davolanadi.  Biroq buni malakali mutaxassis — shifokor tavsiyalari bilan amalga oshirish lozim! Chunki har  qanday  dori  vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish organizmga aks ta’sir etmasligi kafolatlanmagan.
  • Ikkilamchi bepushtlik to‘g‘ri davolangandan keyin, ayolda yana bir bor onalik baxtini tuyish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuning uchun aslo tushkunlikka berilmang, yaxshisi, ijobiy natijaga erishish uchun o‘zingiz ham harakat qiling!

Comments are closed